Excel va Telegram qachon yetarli
Ko‘p distribyutor agentlar bilan ishni Excel jadval va Telegram guruhdan boshlaydi. Bu to‘g‘ri qaror: hech narsa sotib olish va o‘rgatish shart emas, Telegram hammaning telefonida bor. Agent do‘kondan buyurtmani yozib guruhga tashlaydi, operator uni jadvalga yoki hisob tizimiga kiritadi.
Agentlar kam, mahsulot ro‘yxati qisqa va narx kam o‘zgarsa, bu usul ishlaydi. Ilovaga pul sarflashdan oldin buni halol tan olish kerak: quyidagi belgilarning birortasi ham sizda bo‘lmasa, ilova hozir shart emas.
Muammo Telegram yoki Excel’ning o‘zida emas. Ular hisob tizimi bilan bog‘lanmagan: agent yozgan narsa tizimga odam orqali tushadi, tizimdagi o‘zgarish esa agentga yana odam orqali yetadi. Agentlar va mijozlar ko‘paygan sari shu odamlar zanjirning eng sekin bo‘g‘iniga aylanadi.
Ilovaga o‘tishdan oldin ham ko‘p narsani tartibga solish mumkin, va bu keyin ilovaga o‘tishni ham osonlashtiradi. Hamma agent bitta narx ro‘yxatidan foydalansin, uni bitta odam yangilasin. Har mahsulotning hisob tizimidagi kodi buyurtmada yozilsin, nomi emas. Buyurtma bir xil shablonda yuborilsin: mijoz, mahsulot kodi, miqdor, yetkazish sanasi. Mijozlar ro‘yxati agentlarning telefonida emas, umumiy jadvalda tursin.
O‘tish vaqti kelganini ko‘rsatadigan belgilar
- 01Buyurtma ikki marta yoziladi. Agent Telegram’da yozadi, operator hisob tizimiga qayta kiritadi. Har qayta kiritish vaqt oladi va xatoga yo‘l ochadi.
- 02Xato omborda yoki mijozda bilinadi. Noto‘g‘ri miqdor, eski narx yoki omborda yo‘q mahsulot yuk yig‘ilayotganda yoki yetkazilganda chiqadi.
- 03Agent narx va qoldiqni bilmaydi. Narx o‘zgargani agentga kech yetadi, u omborda yo‘q mahsulotga buyurtma oladi.
- 04Rahbar tashriflarni ko‘rmaydi. Agent qaysi nuqtalarga borganini, qayerda rad javobi olganini va nega ekanini rahbar kechki hisobotdan biladi yoki umuman bilmaydi. Agent ishi faqat buyurtma summasi bilan baholanadi.
- 05Yangi do‘kon haqidagi ma’lumot agent telefonida qoladi. Agent ishdan ketsa, uning mijozlari haqidagi ma’lumot ham u bilan ketadi.
- 06Hisobot qo‘lda yig‘iladi. Kun oxirida kimdir Telegram xabarlarini jadvalga ko‘chiradi.
Ikki yoki uchta belgi bo‘lsa, ilova haqida o‘ylash vaqti keldi. Agentlar soni oshgan sari qo‘lda ishlov ham, xatolar ham shunga yarasha oshadi.
Ilova agentning kunini qanday o‘zgartiradi
DeepVision o‘z mijozi uchun Odoo ustida dala agentlari ilovasini buyurtma qildi, biz uni Flutter’da iOS va Android uchun qurdik. Ilovada agentning kuni shunday o‘tadi.
Ertalab: reja
Agent ilovani ochib, bugungi rejadagi tashriflarni ko‘radi. Kerak bo‘lsa rejadan tashqari tashrif qo‘shadi.
Tashrifda: natija va rasm
Agent tashrifni boshlaydi va yakunlaydi, natijani tanlaydi: muvaffaqiyatli, uyda yo‘q, boshqa kunga, rad etdi yoki boshqa. Kameradan yoki galereyadan rasm va video biriktiradi. Yangi do‘konni shu joyning o‘zida lid sifatida ochadi.
Buyurtma
Savdo bo‘limida agent mijozni tanlaydi, mahsulotni qidiradi, narxni ko‘radi va savat orqali buyurtma beradi. Mijozlar, mahsulotlar va narxlar Odoo dan olinadi, buyurtma Odoo da ochiladi. Agent o‘z buyurtmalari tarixini telefonda ko‘radi.
Kun davomida: joylashuv
Ilova agent joylashuvini fon rejimida yuboradi. Oraliqni Odoo dagi sozlama belgilaydi, sukut bo‘yicha 1 daqiqa. Bu sozlamani o‘zgartirish uchun ilovani yangilash shart emas.
Natijada operator buyurtmani qayta kiritmaydi, rahbar tashriflar, natijalar va rasmlarni Odoo da ko‘radi, mijozlar haqidagi ma’lumot kompaniyada qoladi.
Internet bo‘lmasa nima bo‘ladi
Agent ko‘p vaqtini yo‘lda, omborlarda va shahar chetidagi do‘konlarda o‘tkazadi. Internet yo‘q joyda ilova to‘xtab qolsa, agent yana daftarga qaytadi. Shuning uchun DeepVision ilovasida asosiy talab internetsiz ishlash edi.
Ilova ichida telefon bazasi va yuborish navbati bor. Tashrif, lid, rasm va joylashuv avval telefonga yoziladi. Aloqa qaytganda, har 20 soniyada, ilova ochilganda yoki agent “Hozir yuborish” tugmasini bosganda navbat Odoo ga ketadi. Har yozuvning holati ko‘rinadi: yuborildi, kutmoqda yoki xato. Xato bo‘lsa, qayta urinish oralig‘i 5 soniyadan 5 daqiqagacha oshadi.
Navbatda har amal alohida turadi: tashrif yaratish, boshlash, yakunlash, tahrirlash, fayl yuklash, lid va joylashuv. Internetsiz yaratilgan tashrif telefonda o‘z identifikatorini oladi va aloqa qaytgach serverdagi yozuvga moslashadi. Shuning uchun agent bir tashrifni oflayn boshlab, keyin internet bilan yakunlasa ham, Odoo da ikkita yozuv paydo bo‘lmaydi. Internetsiz yig‘ilgan GPS nuqtalari ham yo‘qolmaydi: ular to‘planadi va keyin bitta paketda ketadi.
Halol aytish kerak: DeepVision ilovasida buyurtma hozircha faqat internet bilan yuboriladi, aloqa bo‘lmasa ilova buni aytadi. Buyurtmani ham navbatga qo‘shish keyingi qadam sifatida qoldi. Qaysi amallar internetsiz ishlashi kerakligini boshidan kelishib oling, chunki bu ish hajmiga bevosita ta’sir qiladi.
Hisob tizimi bilan ulanish
Agent ilovasi alohida orol bo‘lmasligi kerak. DeepVision da ilova Odoo dagi mobil API moduli bilan ishlaydi: tashrif, lid, joylashuv, mijoz, mahsulot, narx va buyurtma uchun 20 ga yaqin so‘rov turi. Agentlar uchun alohida baza ochilmagan, hamma ma’lumot Odoo da.
Hisob 1C da bo‘lsa, ulanish backend orqali quriladi. ONUR loyihasida backend 1C bilan har 30 soniyada ma’lumot almashadi: katalog, narx va qoldiq 1C dan keladi, buyurtma 1C ga ketadi. Bu qanday ishlashini 1C bilan ishlaydigan mobil ilova haqidagi maqolada batafsil yozganmiz. Odoo, 1C yoki boshqa tizimni ulash xizmati: 1C, Odoo va amoCRM integratsiyasi.
Kirish va sozlamalar
Agent ilovaga telefon raqami va PIN kod bilan kiradi, kirish tokeni telefonning himoyalangan xotirasida saqlanadi. GPS oralig‘i kabi sozlamalar serverdan olinadi: rahbar qoidani o‘zgartirsa, agentlar ilovani yangilashi shart emas. Agent ishdan ketsa, uning kirishi o‘chiriladi, tashriflar, lidlar va buyurtmalar esa Odoo da qoladi.
Birinchi bosqichni qanday tanlash
Hamma narsani birdaniga qurish shart emas. DeepVision ilovasi 2026 yil fevraldan aprelgacha bosqichma-bosqich qurildi: avval tashriflar, internetsiz navbat va GPS, savdo bo‘limi oxirgi bosqichda qo‘shildi.
Birinchi bosqich uchun eng ko‘p og‘riq beradigan joyni tanlang.
- Buyurtma qayta kiritilsa va xato ko‘p bo‘lsa, buyurtmadan boshlang.
- Rahbar tashriflarni ko‘rmasa, tashrif rejasi, natija va GPS dan boshlang.
- Agentlar internet yomon joylarda yursa, internetsiz ishlashni birinchi bosqichga kiriting.
Diagnostikada bitta agentning bir kunini qog‘ozga tushiramiz: qayerga boradi, nimani yozadi, buyurtma qayerga ketadi va qayerda qayta kiritiladi. Shundan ilova talablari va bosqichlar chiqadi.
Ilova tanlashda beriladigan savollar
Ilovani buyurtma qilsangiz ham, tayyor yechim olsangiz ham, quyidagi savollarga aniq javob oling.
- Qaysi amallar internetsiz ishlaydi va aloqa qaytganda nima bo‘ladi?
- Ma’lumot qayerda saqlanadi: hisob tizimingizdami yoki alohida bazadami?
- Narx, qoldiq va mijozlar ro‘yxati ilovaga qanchalik tez yetadi?
- Yuborilmagan yozuvni agent va operator qayerda ko‘radi?
- Sozlamani, masalan GPS oralig‘ini o‘zgartirish uchun ilovani qayta chiqarish kerakmi?
- Chegirma, to‘lov turi va minimal summa kabi qoidalaringiz ilovada qanday hisobga olinadi?
Agent ilovasi xizmati haqida batafsil: savdo agentlari va distribyutor uchun buyurtma ilovasi. Distribyutorlar uchun boshqa yechimlar: distribyutsiya va ulgurji savdo.
Qisqacha
- Excel va Telegram kichik jamoaga yetadi. Buyurtma ikki marta yozilsa va rahbar tashriflarni ko‘rmasa, ilovaga o‘tish vaqti keldi.
- Ilova agentga reja, natija, rasm, lid va buyurtmani bitta joyda beradi, rahbarga esa tashrif va joylashuvni ko‘rsatadi.
- Internetsiz ishlash va yuborish navbati dala uchun asosiy talab.
- Ilova hisob tizimingizga ulanadi, alohida baza ochilmaydi.
- Birinchi bosqichni eng ko‘p og‘riq beradigan joydan tanlang.
Ko‘p beriladigan savollar
Agent internetsiz ishlay oladimi?
Ha. Tashrif, lid, rasm va joylashuv telefondagi navbatda turadi va aloqa qaytganda yuboriladi. DeepVision ilovasida navbat har 20 soniyada yoki aloqa qaytganda Odoo ga ketadi.
Ma’lumot qayerda saqlanadi?
Hisob tizimingizda. DeepVision loyihasida hamma ma’lumot mijozning Odoo tizimida qoladi, telefonda faqat yuborish navbati turadi.
Rahbar agent qayerda ekanini ko‘radimi?
Ha. Joylashuv fon rejimida yuboriladi, oraliq hisob tizimidan sozlanadi. Batafsil: buyurtma va agent ilovasi.



